XALIFALIK HAQIDAGI SOXTA DAVO
Islom dini nozil boʻlgan ilk kunidanoq insoniyatni tinchlikka, adolatga, oʻzaro hurmat va bagʻrikenglikka chorlab keladi. Alloh taolo Qurʼoni Karimda Paygʻambarimiz alayhissalomni butun olamlarga rahmat qilib yuborganini taʼkidlaydi. Afsuski, Islomning mana shu musaffo bulogʻidan loyqa suv ichishga urinayotgan, dinning muqaddas tushunchalarini oʻzlarining gʻarazli siyosiy maqsadlariga moslab talqin qilayotgan turli mutaassib gʻoyaviy oqimlar paydo boʻldi. Ular orasida eng xatarli va keng tarqalganlaridan biri – bu soxta "Xilofot" gʻoyasidir.
Ekstrimistik tashkilotlar yoshlarni aldash uchun "Xilofot qurish farz", "Xalifalik boʻlmasa, Islom toʻliq boʻlmaydi" degan soxta daʼvolarni ilgari suradilar.
"Xalifalik" Paygʻambarimiz (s.a.v.) dan keyin musulmonlar jamoasining birligini saqlash, adolatni qaror toptirish va daxlsizlikni taʼminlash uchun xizmat qilgan.
Xalifalikning asl mohiyati – bu siyosiy hokimiyatni egallash emas, balki yer yuzida Allohning adolatini, bandasiga nisbatan rahm-shafqatini oʻrnatish va yer yuzini isloh qilish masʼuliyatidir. Odam alayhissalomning yer yuziga "xalifa" (oʻrinbosar) qilib yuborilishi, aynan shu isloh va obod qilish masʼuliyatini anglatadi.
Mutaassiblar esa xalifalikni faqat qurol kuchi bilan boshqalarni boʻysundirish, oʻzlariga qoʻshilmaganlarni "kofir"ga chiqarish va qon toʻkish vositasi sifatida talqin qilmoqdalar. Bu esa dinning asl ruhiga tamoman ziddir.
Alloh taolo rahbarlik va yer yuzida hokim boʻlishning sharti haqida shunday deydi:
وَعَدَ اللَّهُالَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِلَيَسْتَخْلِفَنَّهُمْ فِي الْأَرْضِ كَمَا اسْتَخْلَفَالَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ وَلَيُمَكِّنَنَّ لَهُمْدِينَهُمُ الَّذِي ارتَضَىٰ لَهُمْ وَلَيُبَدِّلَنَّهُممِّن بَعْدِ خَوْفِهِمْ أَمْنًا يَعْبُدُونَنِي لَايُشْرِكُونَ بِي شَيْئًا...
"Alloh sizlardan iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga ulardan oldingi oʻtganlarni xalifa (oʻrinbosar) qilganidek, yer yuzida xalifa qilishni, ular uchun Oʻzi rozi boʻlgan dinni barqaror qilishni va ularning xavf-xatarlaridan soʻng (holatlarini) omonlikka aylantirishni vaʼda qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar..."
(Nur surasi, 55-oyat)
Oyatdan koʻrinib turibdiki, xalifalik (yer yuzida hokim boʻlish) – bu qon toʻkish emas, balki iymon, solih amal, tinchlik (omonlik) va faqat Allohga ibodat qilish evaziga beriladigan ilohiy vaʼdadir.
Bugungi kunda oʻzlarini "Xalifalik askarlari" deb atayotganlar dindan faqatgina odamlarni boshqarish, hokimiyatni qoʻlga kiritish va oʻzlarining gʻarazli gʻoyalarini oqlash uchun bir "niqob" (vosita) sifatida foydalanmoqdalar. Bu esa dinda haddan oshish (gʻuluv) va nifoqning eng ogʻir koʻrinishidir. Islom, dindan siyosiy manipulyatsiya vositasi sifatida foydalanishni qatʼiyan qoralaydi.
Paygʻambarimiz (s.a.v.) dinda haddan oshish va dinni dunyo talabi uchun vosita qilishdan shunday ogohlantirganlar:
إِيَّاكُمْوَالْغُلُوَّ فِي الدِّينِ، فَإِنَّمَا هَلَكَمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِالْغُلُوَّ فِي الدِّينِ
"Dinda gʻuluvga berilishdan saqlaninglar! Chunki sizlardan oldin oʻtganlar dinda gʻuluvga berilishlari sababli halok boʻlganlar."
(Imom Nasoiy, Ibn Moja rivoyati)
Yana bir hadisda dinni dunyo vositasi qiluvchilar haqida aytiladi:
يَكُونُ فِيآخِرِ الزَّمَانِ رِجَالٌ يَخْتِلُونَ الدُّنْيَابِالدِّينِ
"Oxir zamonda shunday kishilar paydo boʻladiki, ular din niqobi ostida dunyoni ovlaydilar...
" (Imom Termiziy rivoyati)
Soxta xalifalar aynan mana shu hadisdagi toifaga tushadilar.
Ekstrimistlarning "Xilofot" gʻoyasi amalda faqatgina tinch boʻlgan musulmon oʻlkalarda qurolli isyonlar chiqarish, qardoshlik rishtalarini uzish va davlat tizimlarini vayron qilishga olib kelmoqda. Islom shariatida nifoq va fitna chiqarish, jamiyat barqarorligini buzish, odam oʻldirishdan ham ogʻirroq gunoh sanaladi.
Tinchlik va xavfsizlik — bu barcha ibodatlarning, din va dunyo taraqqiyotining asosi. Tinchlik boʻlmagan joyda na dinni toʻliq ado etib boʻladi, na davlat qurib boʻladi.
Alloh taolo fitnaning xatarini taʼkidlab aytadi:
...وَالْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ...
"...Fitna odam oʻldirishdan ham ogʻirroqdir..." (Baqara surasi, 191-oyat)
Boshqa bir oyatda Alloh tinchlikni asrashga va unga putur yetkazmaslikka buyuradi:
...وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِبَعْدَ إِصْلَاحِهَا...
"...Yer yuzini (Alloh) isloh qilganidan keyin unda buzgʻunchilik (fitna-fasod) qilmang!..."
(Aʼrof surasi, 56-oyat)
Soxta xilofot daʼvosi bilan qurolli isyon koʻtarish, tinch aholini teror qilish – bu yer yuzidagi eng katta buzgʻunchilikdir.
Hurmatli birodarlar, aziz yoshlar! Mutaassib tashkilotlar tomonidan targʻib qilinayotgan "Xilofat" gʻoyasi Islomning asl ruhiga, shariat ahkomlariga va tarixiy tajribaga butunlay ziddir. Bu gʻoya faqatgina siyosiy hokimiyatga erishish yoʻlidagi bir niqob xolos. Uning ortida musulmonlarni birlashtirish emas, balki parokanda qilish, qon toʻkish va rivojlanishdan orqada qoldirish maqsadi yotibdi.
Bizning burchimiz – sof Islom maʼrifatini, uning tinchlikparvar mohiyatini chuqur oʻrganish, hushyorlikni yoʻqotmaslik va har xil botil, mutaassib gʻoyalarga aldanmaslikdir. Alloh taolo barchamizni dinimizning toʻgʻri yoʻlida sobitqadam qilsin, yurtimizni har xil fitnalardan o’zi asrasin.
Karmana tumani "Jaloyir"
jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov