Fiqhiy mazhablarga ergashishning zarurati va “bevosita Qur’on va Sunnatdan hukm olamiz” degan qarashning ilmiy asossizligi
Muqaddima
Bugungi kunda islom olamida paydo bo‘lgan eng xatarli omillardan biri — mazhabsizlik (laamazhablik) harakatidir. “Bizga mazhablar shart emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qur’on va Sunnatga ergashamiz” degan da’vo bir qarashda jozibador tuyulsa-da, mohiyatan ilmiy asossiz hamda ummat orasida fitna va aqidaparastlikni keltirib chiqaruvchi xatarli yo’ldir.
1. Mazhab o‘zi nima va unga ergashishning zarurati
Lug‘atda “mazhab” so‘zi “yo‘l”, “tutgan yo‘nalish” degan ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa mujtahid olimlarning Qur’on va Sunnatdan shariat hukmlarini ajratib olish (istinbot) uslubi va chiqargan hukmlari majmuasidir.
Qur’oni karimda ilm ahliga murojaat qilish buyurilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr (ilm) ahllaridan so‘rangiz.” (An-Nahl surasi, 43-oyat)
Oddiy inson uchun shariat manbalaridan mustaqil hukm chiqarish imkonsiz. Shu sababli mujtahid imomlarga (Hanafiy, Molikiy, Shofi’iy, Hanbaliy) ergashish vaqtni tejash va xatolardan saqlanishning yagona yo‘lidir.
2. "Qur'on va Sunnatdan bevosita hukm olamiz" degan qarashning ilmiy asossizligi
Qur’on va Sunnatdan hukm chiqarish uchun quyidagi ilmlarni mukammal bilish shart:
Arab tili, balog‘at va fasoat ilmi;
Usulul fiqh (fiqh usullari);
Nosix va mansux (bekor qilingan va qiluvchi manbalar);
Mutlaq va muqayyad, om va xos tushunchalari;
Hadis roviylarining ishonchliligi (Jarh va ta’dil ilmi).
Ushbu shartlarga ega bo‘lmay turib, shariat manbalaridan hukm chiqarishga urinish — bu ilmsizlikdir. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ قَالَ فِي الْقُرْآنِ بِرَأْيِهِ فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ
“Kimki Qur’on haqida o‘z ra’yi (fikri) bilan gapirsa, jahannamdan o‘z joyini tayyorlasin.” (Imom Termiziy rivoyati)
3. Mazhabsizlikning aqidaparastlik va ekstremizmga olib kelishi
Fiqhiy mazhablarni inkor etgan kishi o‘zini imomlar darajasiga qo‘yadi va oyat-hadislarni o‘zining tor tushunchasi bilan ta’vil qila boshlaydi. Buning natijasida:
Islom ummatining 1400-yillik ilmiy merosi kamsitiladi;
Jamiyatda fiqhiy va fikriy ixtiloflar, ixtilofli tushunchalar tarqaladi;
Manbalarni yuzaki va matnparastlik bilan tushunish tufayli qurolli guruhlar hamda aqidaparast oqimlar g‘oyasiga tez aldanadi.
Hasan Basriy rohimahulloh aytganlaridek: “Agar olimlar bo‘lmaganida, odamlar chorva hayvonlari kabi bo‘lib qolishardi.”
Xulosa
To‘rt fiqhiy mazhab — bu Qur’on va Sunnatni to‘g‘ri tushunish uchun barpo etilgan ilmiy ko‘prikdir. Mazhabga ergashish Qur’on va Sunnatni tark etish emas, aksincha, ularga eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l bilan amal qilishdir. Ummatning birligi va sog‘lom e’tiqodini saqlashning asosiy sharti — fiqhiy mazhablarga amal qilish hamda ularni mahkam tutishdir.
Karmana tumani "Jaloyir"
jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov