Qurbonlikning risolasi
Qurbonlikning risolasi

Qurbonlikning ta’rifi

Qurbonlik Alloh Taologa yaqinlik hosil kilish uchun so‘yiladigan jonliqdir. Qurbonlik bir nechta xil bo‘ladi: Qurbon xayiti kuilari so‘yiladigan vojib qurbonlik, nazr qurbonlik, aqiqa qurbonlik, xadiy (xajda so‘yiladigan) qurbonlik. Quyida xar bir tur qurbonlik xaqida batafsil to‘xtalamiz.

Vojib qurbonlik va uning hukmi

Qurbonlik qilish hanafiy ulamolar nazdida qurbon bayrami kunlarida qarzidan va asosiy extiyojlaridan boshqa 20 misqol (80.18gr) oltin yoki shu qiymatdagi pul yoki mol-mulkka ega bo‘lgan odam (erkak, ayol, balog‘atga yetmagan go‘dak, aqli zaif bo‘lsa xam) zimmasidagi vojib amaldir. Balog‘atga yetmagan va aqli zaiflarning molidan valiysi qurbonlik qiladi. Zakotda molning nisobga yetishidan tashqari, uning tijorat moli bo‘lishi va bir yil davomida kamaymasdan turishi shart qilinadi, qurbonlikda esa bu shartlar yo‘q. Odamning yashayotgan uyi (garchi bu uy o‘ziniki bo‘lmasa ham), kerakli uy ashyolari, libosi, ulovi, ish qurollari va shunga o‘xshagan narsalari asosiy ehtiyoji deyiladi (masalan: yashab turgan uyidan tashqari nisob miqdoriga teng yoki nisobdan ortiq, mulk sifatida olib qo‘yilgan uy-joyi yoki yeri bo‘lgan muqim musulmonga qurbonlik vojib bo‘ladi). Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun vaqtning oxiriga e’tibor qilinadi. Ya’ni Qurbon hayitining uchinchi kuni quyosh botishidan oldin Boy bo‘lgan odam qurbonlik so‘yishi vojib bo‘ladi. Aksincha, o‘sha kuni quyosh botishidan oldin kambag‘al bo‘lgan yoki o‘lgan kishidan qurbonlik majburiyati ketadi.

Ba’zi olimlar insonning moli nisobga yetish-yetmasligidan qat’iy nazar, agar u qurbonlik qilishga qodir bo‘lsa va shu ish sababli qiynalib qolmasa, unga bu amal ta’kidlangan sunnatdir, deydilar. Ayrimlar qurbonlik qilishni xatto farz ham deganlar. Bu hukmlar Alloh Taoloning quyidagi so‘ziga asoslanadi: "Rabbingiz uchun namoz o‘qing va jonliq so‘ying" ("Al-Kavsar" surasi, 2-oyat).
Qurbonlik qilishning vaqti Qurbon xayitining birinchi kuni tong boshlanishi bilan boshlanadi va uchinchi kuni quyosh botishigacha davom etadi. Lekin xayitning birinchi kuni so‘yilishi afzalroq. Shaxarda va xayit namozi o‘qiladigan joylarda qurbonlikni xayit namozidan keyin so‘yish shartdir. Biroq xayit namozi o‘qilmaydigan joylarda xayit kuni tong ota boshlashi bilan so‘yilishi mumkin.

Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: "Kim namozdan ilgari jonliq so‘ygan bo‘lsa, yana qayta so‘ysin" (Muttafaqun alayhi). Abu Ayyub al-Ansoriy rivoyat qiladilar: "Kishi Payg‘ambar alayhissalom zamonlarida o‘zi va oila a’zolari nomidan bir qo‘y qurbonlik qilar edi" (Termiziy rivoyatlari).

Fazilati

Qurbonlik qilishning ulug‘ amal ekaniga Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi hadislari guvohlik beradi: "Qurbonlik kunlari Odam bolasi qiladigan amallar ichida qon oqizishdan (jonliq so‘yishdan) ko‘ra Allohga mahbubroq amal yo‘qdir..." (Ibn Moja va Termiziy rivoyatlari, hasan hadis). Yana Payg‘ambar alayhissalomdan: "Qurbonlik o‘zi nima?", - deb so‘rashganda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "U otalaringiz Ibrohim alayhissalomning sunnatidir", - deb javob berdilar. "Undan bizga qanday ajr bor?", - deyishganida esa, u zot: "Har bir tuki uchun bittadan yaxshilik berilur", - dedilar... (Ibn Moja va Termiziy rivoyatlari).

Hadislarda bu dunyoda qurbonlik uchun so‘yilgan jonliqning qiyomat kuni Sirot ko‘prigidan o‘tar paytda hozir bo‘lib, egasini o‘zining ustiga mindirishi va Sirotdan olib o‘tishi aytilgan.

Hikmati

Qurbonlik qilishdagi hikmatlar haqida gapirganimizda, ulardan quyidagilarni eslashimiz lozim:

a) Islom shiorlarini ulug‘lash; Din shiorlarini hurmat qilish va ulug‘lash iymon alomati bo‘lib, bu ish tufayli Islom mustahkamlanadi, musulmonlarning iymonlari ziyodalashadi.

b) Bu amal orqali Allohga yaqinlik hosil qilish; Zero, Alloh Taolo: "Rabbingiz uchun namoz o‘qing va jonliq so‘ying", - deb buyurgan.

v) Tavhid ahlining imomi Ibrohim alayhissalom sunnatlarini tiriltirish; Alloh Taolo u zotga o‘z o‘g‘illari Ismoilni qurbonlik qilishni vahiy qildi. So‘ng Ismoilning o‘rnilariga bir qo‘chqorni evaz qilib berdi. U zot o‘g‘illari o‘rniga o‘sha qo‘chqorni qurbonlik qildilar. Alloh dedi: "Uni biz ulkan qurbonlik evaziga almashtirib oldik" ("As-Saffot" surasi, 108-oyat).

g) Hayit kuni ahlu oilaga mo‘l-ko‘lchilik yaratib berish hamda faqir va miskinlarga nisbatan mehr-shafqat tuyg‘ularini ommalashtirish;

d) Chorva hayvonlarini bizga bo‘ysundirib qo‘ygani uchun Allohga shukrona bajo qilish; Alloh Taolo deydi: "...Bas undan yenglar hamda faqir va hojatmandni rizqlantiringlar. Uni sizlarga mana shunday bo‘ysundirib qo‘ydik, shoyadki shukr qilsangizlar. Allohga hargiz uning go‘shti ham, qoni ham yetmas. Lekin Unga sizlar tarafingizdan bo‘lgan taqvo yetur…" ("Al-Haj" surasi, 36-37-oyatlar).

Ahkomlari

Alloh yo‘lida qurbonlik qilish qo‘y, echki, mol va tuya kabi hayvonlardan birontasini so‘yish orqali amalga oshiriladi. Qurbonlik qilish uchun tanlangan qo‘yning bir yoshga to‘lgan bo‘lishi shart. Buni arab tilida "jaza’" deydilar. Qo‘y sovliq yoki qo‘chqor bo‘lishi mumkin. Qo‘chqor bo‘lishi afzal sanaladi. Ma’lumki, qo‘y 6 oyda bir yoshga to‘ladi. Shuning uchun uni olti oyda bir yosh deb e’tibor qilinadi. Qo‘ydan boshqa echki, sigir, buqa va tuyalarga kelsak, ularning qurbonlikka yaroqli bo‘lishi uchun "saniy" bo‘lishi shart qilingan. "Saniy" mazkur hayvonlarning yoshini belgilaydigan me’yor bo‘lib, u echkining to‘liq bir yoshga kirib, ikkiga qarab ketganidir. Sigir va buqalarda ikki yoshga to‘lib uchga o‘tgani, tuyada to‘liq to‘rt yoshga kirib beshinchi yilga o‘tgani "saniy" bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "So‘ysangiz faqat "musinna"ni so‘yinglar. Agar bu sizlarga og‘irlik qilsa, unda qo‘ydan "jaza’" so‘yinglar". (Muslim rivoyatlari). Hadisni sharh qilgan olimlar "musinna" deganda chorva hayvonlarning "saniy"si tushuniladi, deydilar. Saniyning nima ekanini hozir aytib o‘tdik. Qo‘y, echkini faqat bir kishi qurbonlik qiladi. Tuya va molni yetti kishi sherik bo‘lib qurbonlik qilishi mumkin. Yetti kishidan oshmaslik sharti bilan sheriklarning toq yoki juft bo‘lishlarining aslo farqi yo‘q. Xo‘roz, tovuq, kurka va g‘oz kabi uy parrandalari hamda go‘shti yeyiladigan yovvoyi hayvonlar qurbonlik niyati bilan so‘yilishi mumkin emas.

Bir hayvonning qurbonlik qilinishiga to‘siq bo‘lgan kamchiliklarning asosiylari:

1. Kasalligi aniq oshkor bo‘lsa;
2. Suyaklarining mag‘zida ilik qolmaydigan darajada ozg‘in bo‘lsa;
3. Ikki yoki bir ko‘zi ko‘r bo‘lsa;
4. Oqsayotgan oyog‘ini yerga bosib, so‘yiladigan joyiga yurib borolmaydigan darajada cho‘loq bo‘lsa;
5. Tishlarining ko‘pi to‘kilgan bo‘lsa;
6. Qulog‘ining yoki dumining yarmidan ko‘pi kesilgan yoki uzilgan bo‘lsa;
7. Shoxlarining biri yoki ikkisi tomiridan kesilgan bo‘lsa;
8. Qo‘yning bir, qoramolning ikki yelinining uchi kesilgan bo‘lsa;
9. Dumi yoki qulog‘i tug‘ilgan paytidanoq bo‘lmagan bo‘lsa;
10. Burni kesilgan bo‘lsa;
11. Faqat axlat yegan bo‘lsa;
12. Tilining ko‘p qismi kesilgan bo‘lsa.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytadilar: "Jonliqning to‘rt turi qurbonlikka yaroqli emas: ko‘zi ko‘ri, kasali ma’lumi, cho‘log‘i, orig‘i" (Termiziy rivoyatlari).

Lekin qurbonlik hayvonning g‘ilay, qo‘tir yoki jinni bo‘lishida, quloqlarining teshilgan yoki yorilgan, yoki uchidan kesilib osilib yotgan holatda bo‘lishida, jinsiy olatlarining yo‘qligida yoki bichilgan holda bo‘lganligida zarar yo‘qdir.

Qurbonlik hayvonda mavjud bo‘lishi makruh sanalgan asosiy qusurlar:

1. Qarilik sababi bilan sutdan yoki tug‘ishdan qolgan bo‘lsa;
2. Qulog‘i yorilgan yoki teshilgan bo‘lsa;
3. Yangi tuqqan bo‘lsa;
4. Homilador (tug‘ishi yaqin) bo‘lsa.

Qurbonning rukni qon chiqazishdir. Hayvon so‘yilmaguncha vojib bo‘lgan qurbonlik ado qilingan hisoblanmaydi. Shuning uchun ham qurbonlikka atalgan hayvonni so‘ymasdan sadaqa qilish joiz emas. Faqat qurbonlikka atalgan hayvon bayramning qurbon so‘yish kunlarida (bayramning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunlari) biror sabab bilan so‘yilmay qolsa tirik holida sadaqa qilinadi. Chunki endi qon chiqarish ishi sadaqa ishiga aylanadi. Bu hayvon go‘shtidan egasi yeyishi mumkin bo‘lmay qoladi.

Qurbonlik so‘yilganidan keyin u kunning hayit emas arafa ekanligi ma’lum bo‘lsa, qilingan qurbonlik qurbonlikka o‘tadi. Chunki bu xil xatolardan har doim saqlanmoq mumkin emas.

Sheriklikda qurbonlik qilish

Jobir (ra) dan rivoyat qilinishiga ko‘ra, shunday deganlar: Hudaybiyada Rasululloh (sav) bilan birgalikda bir tuyani ham, bir sigirni ham yetti kishi uchun so‘yib qurbon qilgandik (Abu Dovud, Ibn Moja).

Bir qo‘y yoki echki faqat bir kishi nomidan qurbonlik qilinishi mumkin. Bir tuya yoki bir qoramol bir kishidan yetti kishiga qadar odamlar nomidan qurbonlik qilinishi mumkin. Yetti kishidan oshmaslik sharti bilan sheriklarning toq yoki juft bo‘lishlarining aslo farqi yo‘q.

Bir qoramol yoki tuyani qurbonlik qilishda sherik bo‘lganlardan talab qilingan shartlar:

1. Barcha sheriklarning musulmon bo‘lishlari;
2. Hammasining qurbonlik(aqiqa, nazr) niyati bilan sherik bo‘lishlari;
3. Har birining umumiy qurbonlikdan eng kamida yettidan biriga ega bo‘lishi;
Sheriklardan biri musulmon bo‘lmasa yoki qurbonlik niyati bilan emas, go‘sht uchun qo‘shilsa yoki birining hissasi yettidan biridan kam bo‘lsa, u qurbonlik tamoman qabul qilinmaydi. Lekin (niyatda) qurbonlik xillarining bir xil bo‘lishi shart emas. Ya’ni bir qismining vojib qurbonligiga, bir qismining sunnat, nafl, o‘lik (marhum nomidan) yoki aqiqa kabi farqli qurbonlik xillari uchun niyat qilinishi joizdir. Barcha sheriklarning bir xil qurbonlik (turi) uchun sherik bo‘lishlari mustahabdir.
4. Sheriklardan biri Nazr qurbonlik niyatida sheriklikka qo‘shilgan bo‘lsa, u kishi hissasiga to‘g‘ri kelgan go‘shtning hammasi tarqatiladi, bu go‘shtdan Nazr qilgan shaxs va uning qaramog‘idagilar yeyishi mumkin emas. Mabodo nazr egalari bu go‘shtdan yesalar, yegan miqdordagi go‘sht pulini sadaqa qiladi.
5. Hissadorlar ulushlarini ko‘z bilan chamalab bo‘lib olishlari mumkin emas, xassos tarozi bilan tortib bo‘lishlari kerak. Lekin kalla, teri va pochalardan bir narsalar go‘shtga qo‘shilsa jinsning jins xilofiga o‘zgarganligi uchun chamalab taqsimlash joiz bo‘ladi.
6. Qazo qurbonligi niyati bilan bir qoramol yoki bir tuyaga sherikchilik qilish joiz emas. Agar sheriklardan biri bunga niyat qilsa, niyati hisoblanmay, qazoga niyat qilingan narsa naflga aylanadi. Boshqa sheriklarning qurbonliklari saxix bo‘lsa ham hissalari umumiy hissa bo‘lganligi uchun hammasining sadaqa qilinishi kerak.

Qurbonlikning mustaxablari.

Qurbonlik mustaxablarining asosiylari quyidagilardir:

1.Qurbonlik qilinadigan xayvonni bir muddat saqlab boqilishi;
2.Qurbonlik qilinadigan xayvonning bo‘yniga taqinchoq kabi bezak turlaridan biror narsa taqib qo‘yish;
3.Qurbonlik qilinadigan xayvonning semiz bo‘lishi;
4.So‘yishdan oldin yoki keyin duo o‘qish*;
5.Qo‘lidan kelsa qiblaga qaratib yotqizilgan qurbonligini soxibining o‘zi so‘yishi (qo‘lidan kelmasa boshqa kishiga vakolat berib so‘ydiradi);
6.So‘yilganidan keyin taqinchog‘ini sadaqa qilinishi;
7.Qurbonlik so‘yilganidan keyin ikki rakat namoz o‘qish;
8.Qurbonlik go‘shtidan soxibining yeyishi;
9.Qurbonlik go‘shtidan sadaqa qilish.

*Duo niyati bilan: «Mening namozim, ibodatlarim, yashashim va o‘limim olamlarning Robbisi bo‘lgan Allox uchundir. Uning sherigi yo‘qdir». (An’om surasi, 162-163-oyatlar), oyati karimasi o‘qilganidan keyin «Bismillax Alloxu Akbar» deb so‘yiladi.

Qurbonlikni Vakil orqali so‘ydirish

Har bir musulmon agar imkoni bo‘lsa qurbonligini o‘zi so‘ysa yoki bo‘yniga o‘zi pichoq tortib bersa albatta afzal. Buning ilojisi bo‘lmasa shariatimiz Vakil qilishga ruxsat bergan. Qurbonligini boshqa bir odamga so‘ydirayotgan shaxs qalbdan niyat qilib “Alloh roziligi uchun qilayotgan qurbonligimni so‘yishga Seni vakil qildim” desa yetarlidir. Agar qurbonligini sotib olish va so‘yish-so‘ydirish ishlarini vakilga topshirmoqchi bo‘lsa “Qurbonligimni olish, oldirish, so‘ydirish ishlariga seni umumiy vakil qildim” deydi. Yoki qisqa qilib “Qurbonlik ishimni hal qilishga seni umumiy vakil qildim” deyishligi yetarlidir. Vakillikni qabul qilgan shaxs qabul qilganligini bildirib qo‘yishligi kifoya qiladi.

Bir muqim kishi boshqa yurtga, davlatga qurbonlik pulini jo‘natib qurbonligini ado qilsa joizdir (masalan, asli O‘zbekistonlik bo‘lgan, lekin hozirda Rossiyada muqim yashayotgan kishi O‘zbekistondagi vakiliga pul jo‘natib qurbonligini yurtida so‘ydirsa bo‘ladi).

Bir kishi bir qancha kishilar nomidan vakil bo‘lib, bir qoramol yoki tuyani yetti kishi nomidan qurbonlik qilishi joizdir. Vakolat beruvchi ba’zi sabablarga ko‘ra o‘z ismi o‘rniga taxallusini bersa ham joizdir, chunki Alloh qurbonlik kimni nomidan ekanigini bilib turibdi.

Agar er boy ayolining vakolatini olmasdan uning nomidan vojib bo‘lgan qurbonligini so‘ydirib keyin buni ayoliga aytsa va ayoli ham bunga rozi bo‘lsa qurbonlik sahih-durust bo‘ladi.

Vakil kishi xizmati uchun haq olishi mumkin, umumiy vakilligini olgan shaxslari nomidan qurbon so‘yishi va so‘ydirishi mumkin, ikkita qurbonlikka pul bergan kishi uchun ikkita qurbonlik olishi yoki qora moldan ikki hissa ajratishi ham mumkin, sababi u umumiy vakildir.

Qurbonlik go‘shti va terisi

Qurbonlik go‘shtining hammasini kambag‘allarga sadaqa qilib berish yoki o‘zi va bolalari uchun olib qolishi joiz bo‘lsada, maqbul bo‘lgani qurbonlik go‘shtini uchga bo‘lib, bir qismini faqirlarga sadaqa qilib tarqatmoq, bir qismini boy bo‘lsa ham qo‘shnisi va yaqinlariga ikrom qilmoq, bir qismini ro‘zg‘ori uchun ayirmoqdir. Agar qurbonlik qiluvchi bolajon, serfarzand va moddiy ahvoli ham o‘rtacha bo‘lsa, go‘shtning hammasini ularning yeyishi uchun olib qolishi mustahabdir (faqat qurbonlik qilishda niyati go‘sht bo‘lib qolmasligi kerak).

Qurbonlik go‘shtidan musulmon bo‘lmagan shaxsga ham ehson qilib bermoq joizdir.

Qurbonlikning so‘yilgan joyidan boshqa joyga (bir shahardan boshqasiga...) ko‘chirilishi tanzixan makruhdir. Lekin kishining uzoqdagi qarindoshlariga yoki yanada muhtojroq bo‘lganlarga yuborishida zarar yo‘qdir.

Qurbonlik bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham so‘yilgan hayvonning yeyilishi mumkin bo‘lmagan (makruh) a’zolari:
1. Oqqan qoni;
2. Erkaklik jinsiy olati (zakar);
3. Urg‘ochilik jinsiy a’zosi;
4. Tuxumlari;
5. Siydik xaltasi;
6. Bezlari;
7. O‘t pufagi.

Aqiqa qurbonligi

Yangi tug‘ilgan chaqaloq sochiga Aqiqa deyiladi. Allox Taolo farzand berganiga shukur sifatida so‘yiladigan qurbonlikka xam “Aqiqa” nomi berilgandir. Aqiqa uch imomga ko‘ra sunnat Xanafiylarga ko‘ra mubox va go‘zal amaldir.

Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Aqiqa yettinchi yoki o‘n to‘rtinchi yoki yigirma birinchi kuni so‘yiladi”, deganlar (Bayhaqiy “As-sunanul kubro”da, Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih). Shu kuni farzandning sochlari xam olinib, sochiga teng miqdorda oltin yoki kumush sadaqa qilinadi. Qurbonlikka yaroqli xayvon aqiqaga xam yaroqli bo‘ladi. Xo‘roz, tovuq, kurka va g‘oz kabi uy parrandalari hamda go‘shti yeyiladigan yovvoyi hayvonlar qurbonlik niyati bilan so‘yilishi mumkin bo‘lmaganidey Aqiqa uchun xam so‘yilishi mumkin emas.

Aqiqa qilishga qudrati yetmagan odam qarz olib bo‘lsa ham aqiqa qilishi kerak, degan gap yo‘q shariatimizda. Aqiqa jonlig‘ini so‘ygandan keyin tadbir uyushtirib odamlarga tarqatish shart emas, balki bunda muhimi jonliqning so‘yilishidir. Uni qay tartibda tarqatish odamning o‘ziga bog‘liq: xohlasa, go‘shtini qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘larga, yana kambag‘al-bechoralarga tarqatsin, xohlasa, dasturxon yozib, odamlarni mehmonga chaqirish ham mumkin. Ammo bundan ko‘ra eng haqdor odamlarga tarqatish afzal. Sababi oshga qorni to‘q va boy kishilar ham keladi. Nochorlar esa doim ham tadbirlarga taklif etilavermaydi. Masalaning shu tomonini inobatga olish kerak.

Nazr

Nazr (atash). Arab tilidagi Nazr kalimasi Atash-Atoq ma’nosida bo‘lib, “kishining javobgar bo‘lmagan xolda bir ibodatni o‘ziga vojib qilishligidir”. Masalan: “Falon ishim bitsa bitta qo‘y so‘yaman(yoki qurbon qilaman)” deb niyat qilinsayu, shu ish bitsa kishiga qo‘y so‘yishlik vojib bo‘ladi.  Nazrga vafo qilish vojibdir. Bu Qur’oni karim va hadisi shariflar bilan sobit bo‘lgan. Alloh taolo aytadi: “Va nazrlarini to‘la ado qilsinlar!” (Haj, 29).  Qurbonlik nazr qilgan kishi bu qurbonlikning go‘shtini o‘zi xam, qaramog‘idagi kishilar xam(ota-ona, bobo-momo, turmush o‘rtoq, farzand va nabiralar) yeyishlari mumkin emas. Qurbonlik go‘shtini faqatgina muxtojlarga beriladi, boylarga xam berilmaydi. Agar bu go‘shtdan yeyish mumkin bo‘lmagan shaxslar yesa, yeyilgan go‘shtning badalini(yeyilgan miqdoricha go‘sht yoki pulini) muxtojlarga berishi kerak bo‘ladi.

O'xshash maqolalar
(У зот) ҳеч бир ихтилофсиз барча пайғамбарларнинг имомидирлар ва барча (ёмон сифатлардан) холи бандаларнинг нуқсонсиз тожидирлар.Ўший раҳматуллоҳи ала...
Wednesday, September 27, 2023 11:24 AM
Абу Ҳурайра розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Мен сизлар учун фақирликдан қўрқмайман, лекин такосур (яъни мо...
Friday, December 16, 2022 9:17 AM
Замонамиз бемазҳабларининг “муҳаддис”и саналадиган Носир Албоний таниқли олим Шамсиддин аз-Заҳабий раҳимаҳуллоҳнинг “Китоб ал-Улвв” асарини қисқартири...
Friday, September 23, 2022 9:53 AM
Бу илмнинг мақсади диний ақидаларни қатъий далиллар ила исботлаш ва ундаги шубҳаларни рад қилишдир. Эътиқод қилиши лозим бўлган ишларда мусулмонни тақ...
Wednesday, August 17, 2022 7:31 AM
Bugun Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi munosabati bilan, bundan taqriban 28 yil oldin marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalami...
Monday, August 15, 2022 5:53 AM
Hozirgi kunda muqaddas islom nomidan har xil oqimlarning o‘zlarini jozibador ismlar bilan nomlab olib, go‘yoki to‘g‘ri yo‘lni da'vo qilib, g‘araz maqs...
Sunday, August 14, 2022 3:40 AM
Ma’lumki, Alloh taolo bandalarining hidoyati uchun insonlarning ichidan payg‘ambarlarni tanlab oldi. Ular orqali o‘zining hukumlarini odamlarga yetkaz...
Friday, July 29, 2022 6:12 AM
Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.Аллоҳ таол...
Friday, June 10, 2022 11:54 AM
Ibratli kitoblar
«Ҳадис ва Ҳаёт»
«Ҳадис ва Ҳаёт»
Файл ҳажми: 0.35 MB
Кўчириб олиш
sahifalar
sahifalar
Файл ҳажми: 0.13 MB
Кўчириб олиш
Фиқҳ
Фиқҳ
Файл ҳажми: 0.14 MB
Кўчириб олиш
Developed By Usoft