Ma’lumki, Alloh taolo bandalarining hidoyati uchun insonlarning ichidan payg‘ambarlarni tanlab oldi. Ular orqali o‘zining hukumlarini odamlarga yetkazishni iroda qildi. Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari esa ulamolardir.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi», deganlarini eshitdim, degan ekanlar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyati
Alloh taolo o‘zining kalomida Allohdan haqiqiy qo‘rqadigan kishilar olimlar ekanligini aytgan.
“Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar. Albatta, Alloh aziz va o‘ta mag‘firatli Zotdir.
Fotir surasi, 28-oyat
Amr ibn Murra rahmatullohi alayh shunday degan: “Agar Allohning Kitobidan biror oyatni tushunmasam o‘shandan hijolatga tushaman. Chunki Alloh taolo: “Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o‘zgalarning aqllari yetmas” degan”.
Ankabut surasi, 43-oyat
Yana boshqa bir o‘rinda Alloh taolo shunday deydi:
“Sendan ularga nima halol qilinganini so‘rarlar. Sen: «Sizlarga pok narsalar halol qilindi. Ovchi itlarga o‘xshatib, Alloh sizga o‘rgatgan narsalardan ularga ham o‘rgatgan ovchi hayvonlaringiz sizga tutib bergan narsadan yenglar. Ularga Allohning ismini zikr qilinglar. Allohga taqvo qilinglar. Albatta, Alloh hisobi tezkor zotdir», deb ayt! ”.
Moida surasi, 4-oyat
Yana boshqa oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Agar sizlarga majlislarda siljibroq o‘tiring, deyilsa, bas, siljing, agar turing deyilsa, turing. Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur. Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir”.
Mujodala surasi, 11-oyat
Afsuski bugungi kunda o‘zlarini “biz to‘g‘ri yo‘ldamiz” deya, da’vo qilayotgan toifalar yurtimiz ulamolarini obro‘sizlantirish uchun harakat qilmoqdalar bundaylarga quyidagi hadis ila javob beramiz.
Olimga dushmanlik qilgan odam Allohga urush qilganga o‘xshaydi. Alloh azza va jalla bilan urushgan g‘olib bo‘larmidi?! Rasululloh sollallohu alayh vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman”. Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadi: “Allohning do‘stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo‘ladigan olimdir”.
Kimki nabiylarning merosxo‘rlari bo‘lgan olimlarni behurmat qilsa, ularga aziyat yetkazish harakatida bo‘lsa Alloh va rasuliga aziyat yetkazgan bo‘lishini Ibn Abbos roziyallohu anhumoning mana bu so‘zlaridan ham bilib olsak bo‘ladi:
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Kim faqihga aziyat yetkazsa, darhaqiqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat yetkazibdi. Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat yetkazsa, darhaqiqat Alloh azza va jallaga aziyat yetkazibdi”.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh aytadi: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo‘ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo‘ladi”.
Avzoiy rahmatullohi alayh aytadi: “Ahli ilmlarni, xususan ularning ulug‘larini ortidan gapirish gunohi kabiralardandir”.
Hulosa qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo tanlab olgan ulamolarni obro‘sizlantirish va behurmat qilishga urinish, katta gunoh ekanligidan tashqari, diynimiz dushmanlariga bilib yoki bilmasdan yordam berish bo‘lar ekan. Insonlarni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarib turgan olimlarni behurmat qilish dinning shiorlarini behurmat qilish bilan barobardir. Buning ortida katta fitna borligini hamma ham bilavermasa kerak.
Suriyalik mashhur olim Muhammad Sayid Ramazon Butiy rahmatullohi alayhni ham o‘z vaqtida “hizbiylar” , “sohta salafiylar” kabi adashgan toifalar hurmatsizlik qilib, u kishini saroy mullasi deya, xaqoratlaganlar, u kishiga suyiqasd qilinishiga sabab bo‘ldilar. Natijada Suriyada katta fitna qo‘zg‘aldi. Suriyada notinchlik avj oldi, mamlakat vayronaga aylandi, odamlar ibodatlarini emin erkin bajarish uyoqda tursin, o‘z jonini saqlashlari so‘roq ostida qoldi. Mamlakat aholisi keyinchalik anglab yetdilar, Ramazon Butiy rahmatullohi alayh qanchalar to‘g‘ri gaplarni aytganlarini. Butun xalqni bu fitnadan ogohlantirmoqchi ekanliklarini, lekin endi kech bo‘lgandi. Ming afsuski, dono xalqimiz aytganidek so‘ngi pushaymon, o‘zingga dushmon.
Ana shunday azizlar, kim ulamosini past sanasa, xorlasa oxiratini ham dunyosini ham yo‘qotadi.
Biz “hizbiylik” va “soxta salafiylik” niqobini kiygan fitnachilardan ogoh bo‘laylik. Ulamolariz va ahli ilmlarimizni hurmat qilaylik. Kim dindan gapirsa bu to‘g‘ri gapiradi deb ergashib ketavermaylik. Chunki oyat hadislarni o‘zicha ma’no aytib, noto‘g‘ri talqin qilib ham xalqning boshiga fitna solayotganlar ham bor.
Karmana tumani “Jaloir” jome masjidi imom-xatibi A.Hakimov